Jeyms Rittining ixtirosi oʻgʻirliklarga qanday nuqta qoʻygan?
Ushbu maqolada tadbirkor Jeyms Rittining kassa apparati qanday qilib oʻgʻirliklarga nuqta qoʻygani haqida hikoya qilinadi.

Koʻpchilik biznesda oʻz oila aʼzolarini ishga oladi va foydadan xotirjam boʻldim deb oʻylaydi.
Ammo hamma ham yaqinlarini ishga qoʻyolmaydi yoki aynan qarindosh deb ishongan insoni uning ishonchini oqlamaydi.
Bu masala hozirga qadar ham tadbirkorlarni oʻylantirib kelgan va yangi ixtirolarga undagan. Avvalgi maqolada hikoya qilganimiz Jeyms Ritti ixtirosi ham bunga yaqqol misoldir.
Ushbu maqolada esa Jeyms Rittining kassa apparati qanday ishlagani va oʻgʻrilikning oldini olgani haqida maʼlumot beramiz.
Tadbirkor Jeyms Ritti birinchi mexanik kassa apparatini kafesida ishlata boshlagach barmenlar oʻgʻirlik haqida oʻylashga ham qoʻrqib qolishdi.
Apparatning old qismida pul miqdorini (sent va dollarni) koʻrsatuvchi tugmalar boʻlgan. Tugma bosilganda xuddi soat millariga oʻxshash siferblatda sotuv miqdori koʻringan.
Mijoz ham, bar egasi ham barmen qaysi tugmani bosganini va qancha pulni hisobga olganini aniq koʻrib turgan. Bu barmenga pulni yashirishga imkon bermagan.
Qurilmaning ichida koʻzdan yashirilgan mexanik hisoblagich boʻlib, u kun davomida bosilgan barcha pullarni umumiy hisoblab (qoʻshib) borgan.
Keyinchalik Ritti tizimga ikkita muhim yangilik qoʻshdi:
1. Qoʻngʻiroq ovozi: Har safar tugma bosilib, savdo qayd etilganda apparat “ding” etib baland ovoz chiqargan.
Bu ovoz bar egasiga savdo amalga oshirilganidan signal bergan. Agar barmen pul olib, apparat tugmasini bosmasa, qoʻngʻiroq chalinmasdi va buni bar egasi darhol payqagan.
2. Qogʻoz lenta: qurilma ichiga oʻrnatilgan qogʻoz ruloniga har bir savdo miqdori teshiklar (perforatsiya) orqali belgilab borilgan. Kun oxirida bar egasi lentani yechib olib, undagi summani kassadagi naqd pul bilan solishtirgan.
Shunday qilib, Jeyms Ritti ushbu qurilmasi orqali oʻgʻirliklarga nuqta qoʻyib oʻz foydasiga doim faqat oʻzi egalik qila boshladi.