Barcha maqolalar
biznes

Biznes modeli nima? Biznes modellari turlari

Biznes modeli nima va uning qanday turlari mavjud? Ushbu maqolada B2B, B2C, B2G, D2C, C2C, franchayzing, obuna, freemium va boshqa biznes modellari haqida batafsil ma’lumot beriladi.

ARYFMA3 daqiqa oʻqish
Biznes modeli nima? Biznes modellari turlari

Har qanday biznesning muvaffaqiyati faqat yaxshi mahsulot yoki xizmatga bog‘liq emas. Kompaniya kimga sotadi, qanday qiymat yaratadi, mijozni qanday topadi, mahsulot yoki xizmatni qanday yetkazib beradi va bundan qanday daromad oladi — bularning barchasi biznes modelining muhim qismlaridir.

Biznes modeli — kompaniyaning mijozlarga qanday qiymat taklif qilishi, ushbu qiymatni qanday yetkazib berishi va buning evaziga qanday daromad olishini ifodalovchi tizimdir.

Nima uchun biznes modelini bilish muhim?

Biznes modeli aniq bo‘lmagan kompaniya ko‘pincha reklama, sotuv va mijozlar bilan ishlashda tasodifiy qarorlar qabul qiladi.

Masalan, korxona boshqa kompaniyalarga xizmat ko‘rsatsa, uning mijozni jalb qilish usuli oddiy iste’molchiga mahsulot sotadigan biznesnikidan sezilarli darajada farq qiladi.

B2B kompaniyada sotuv jarayoni uzoqroq bo‘lishi, qaror qabul qilishda bir nechta shaxs ishtirok etishi va tijoriy taklif, uchrashuv hamda muzokaralar muhim rol o‘ynashi mumkin.

B2C biznesda esa reklama, brend, narx, aksiya, qulay xarid jarayoni va mijozning hissiy qarori katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Demak, biznes modelini tushunish tadbirkorga:

— to‘g‘ri maqsadli auditoriyani aniqlash;
— mos reklama kanallarini tanlash;
— sotuv jarayonini shakllantirish;
— narx siyosatini belgilash;
— mijozlar bilan munosabatlarni yaxshilash;
— daromad manbalarini ko‘paytirish;
— biznesni kengaytirish
imkonini beradi.

Biznes modellari qanday turlarga bo‘linadi?

Biznes modellarini bitta mezon asosida tasniflash to‘g‘ri emas. Chunki biznes modelining bir turi mijoz kimligini, boshqasi daromad qanday olinishi, yana biri esa mahsulot mijozga qanday yetkazilishini ko‘rsatadi.

Quyida tadbirkorlar orasida eng ko‘p uchraydigan biznes modellari keltirilgan.

1. B2B — Business to Business

B2B (Business to Business) — bir biznesning boshqa biznesga mahsulot yoki xizmat sotish modelidir.

Bunda yakuniy xaridor oddiy iste’molchi emas, balki boshqa kompaniya yoki tashkilot bo‘ladi.

B2B biznesga misollar: marketing agentligining kompaniyalarga SMM xizmati ko‘rsatishi, IT kompaniyaning korxonaga dasturiy ta’minot sotishi va shu kabilar.

2. B2C — Business to Consumer

B2C (Business to Consumer) — biznesning mahsulot yoki xizmatni bevosita yakuniy iste’molchiga sotish modelidir.

Bu kundalik hayotda eng ko‘p uchraydigan biznes modellaridan biridir: turli mahsulotlar sotiluvchi do‘konlar, restoran va kafelar, go‘zallik salonlari, supermarketlar.

3. B2G — Business to Government

B2G (Business to Government) — xususiy biznes va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi tijoriy munosabatlar modelidir.

Bunda kompaniya davlat tashkilotlariga mahsulot yetkazib berishi yoki xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Masalan: davlat tashkilotlari uchun texnika yetkazib berish, mebel ishlab chiqarish, IT tizimlarini yaratish va shu kabilar.

4. D2C — Direct to Consumer

D2C (Direct to Consumer) — ishlab chiqaruvchining vositachilarsiz bevosita yakuniy iste’molchiga mahsulot sotish modelidir.

Bu modelda ishlab chiqaruvchi mahsulotni o‘zining internet-do‘koni, mobil ilovasi, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi va boshqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo kanallari orqali mijozga taklif qiladi.

5. C2C — Consumer to Consumer

C2C (Consumer to Consumer) — bir iste’molchining boshqa iste’molchiga mahsulot yoki xizmat sotishi modelidir.

Masalan, odamning o‘zida mavjud bo‘lgan ishlatilgan telefon, mebel, kiyim yoki avtomobilni boshqa shaxsga sotishi.

Bunday model ko‘pincha e’lonlar platformalari va marketplace’lar orqali amalga oshiriladi.

6. C2B — Consumer to Business

C2B (Consumer to Business) — jismoniy shaxs yoki mustaqil mutaxassisning biznesga mahsulot yoki xizmat taklif qilishi.

Masalan: frilanserning kompaniyaga dizayn xizmati ko‘rsatishi, blogerning kompaniya mahsulotini reklama qilishi yoki kopirayterning biznes uchun matn yozishi.

7. B2B2C — Business to Business to Consumer

B2B2C — biznesning boshqa biznes orqali yakuniy iste’molchiga chiqish modelidir.

Bu modelda bir kompaniya ikkinchi kompaniya bilan hamkorlik qiladi va shu hamkorlik orqali yakuniy mijozga mahsulot yoki xizmat yetib boradi.

Masalan, ishlab chiqaruvchi kompaniya marketplace bilan hamkorlik qiladi. Marketplace esa mahsulotni yakuniy iste’molchiga taklif qiladi.

Kelasi maqolamizda biznesning qanday daromad qilish boʻyicha modellari haqida ham maʼlumot beramiz.

Yana oʻqing

Biznesingizni boshqarishga tayyormisiz?

100+ biznes allaqachon ARYFMA POS bilan oʻz savdo jarayonlarini soddalashtirmoqda.