Biznesga toʻgʻri nom tanlash qanday foyda keltiradi?
Ushbu maqolada biznes uchun toʻgʻri nom qanday boʻlishi, kuchli nomning foydalari haqida bilib olasiz.

Eʼtibor berganmisiz, odamlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilishda koʻproq ikkilanishadi, narxi ustida uzoq oʻylanishadi.
Ammo brendlar haqida gap ketganida bunday emas. Aksariyat insonlar mashhur brendlarning mahsulotlarini qimmat boʻlsa-da sotib olishga ogʻrinmaydi.
Chunki koʻplab odamlarning ongida “Brend mahsulotlar sifatli boʻladi”, “Brend sifatiga yarasha qimmat boʻladi-da” kabi fikrlar chuqur shakllanib qolgan.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar sifati boʻyicha mashhur brend bilan bemalol tenglasha oladigan mahsulotni arzonroq taklif qilsa ham ishonishga qoʻrqishadi.
Bu insonlarning tushunib boʻlmaydigan xarakteri yoki odati emas. Bu inson psixologiyasi bilan bogʻliq oʻrganilgan, natijalari tasdiqlangan holatdir.
Biznesga toʻgʻri nom tanlash haqida gapirmay turib bir necha tadqiqotlarga toʻxtalsak. Shunda toʻgʻri nom tanlashning muhim ekanini yanada chuqurroq tushunib olasiz.
1-tadqiqot: Kaliforniya texnologiya instituti va Stanford universiteti olimlari oʻtkazgan tadqiqotda ishtirokchilarga bir xil vino turli narx yorliqlari bilan ichirib koʻrilgan.
Ishtirokchilar vino qimmatroq narxda taqdim etilganida uning taʼmini ancha yuqori baholashgan.
Eng qizigʻi, fMRI (magnit-rezonans tomografiya) skanerlari ishtirokchilar miyasining haqiqatdan qimmat narxda berilgan vinodan koʻproq zavq olganini va faollashganini koʻrsatgan.
2-tadqiqot: Mahsulotning qiymati va xarid qilish riski qanchalik yuqori boʻlsa (masalan, qimmat texnika yoki dori-darmon), isteʼmolchilar kuchli va ishonchli brend uchun shunchalik koʻp “ustama narx” toʻlashga moyil boʻladilar.
3-tadqiqot: Lyuks kosmetika brendlari xaridorlari oʻrtasida oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, brendning kuchi isteʼmolchiga hedonik (zavqlanish) qiymat taqdim etadi.
Yaʼni, xaridor mahsulotning vazifasidan tashqari uni ishlatganda oʻzini oʻzgacha his qilish (status, estetik zavq) qimmat narxni toʻliq oqlaydi deb hisoblaydi.
Bu tadqiqotlar natijalari biznesingiz odamlar ongida oddiy mahsulot sotuvchi joy emas, brend boʻlishi kerakligini tasdiqlaydi. Biznesingiz oddiy nom bilan brendlar soyasida qolib ketmasligi uchun ishni toʻgʻri nomlashdan boshlashingiz zarur.
Toʻgʻri tanlangan nom biznesingiz uchun bir marta emas, doimiy ravishda foydali boʻladigan kuchli vositadir:
1. Brend tanilishini oshiradi
Yaxshi tanlangan nom uni eshitgan isteʼmolchilar xotirasida tez va oson yodda qoladi.
2. Marketing xarajatlari qisqaradi
Oson esda qoladigan nomlar mijozlarga uni tavsiya qilishni osonlashtiradi. Odamlar brend nomini tez yodlab qolib tanishlariga ham qiyinchiliksiz tavsiya qila olishadi.
3. Brendning qiymatini koʻtaradi
Kuchli nom biznesingizga raqobatda ustunlik beradi, xaridorlarning sodiqligini taʼminlaydi.
4. Brendga nisbatan ishonch uygʻotadi
Oʻqish, talaffuz qilish oson boʻlgan va tez yodda qoladigan nomlar isteʼmolchilar tomonidan qoʻshimcha maʼlumotlarsiz ham ishonchliroq va qimmatliroq deya baholanadi.
Odamlar tushunish oson boʻlgan nomlarni ongsiz ravishda xavfsizroq va haqiqiyroq deb qabul qiladi.
5. Narxlarni oʻzgartirish imkoniyati kengayadi
Mijozlar mahsulotga baho berayotganda nafaqat uning tannarxini, balki uning nomi va brendi yaratadigan hissiyotni ham sotib olishadi. Premium nom mahsulotni "oddiy" toifadan "eksklyuziv" toifaga oʻtkazadi.
Masalan, milliy oshxonangizni "Choyxona" deb atasangiz, odamlar u yerdan arzon narx kutishadi.
Agar uni premium nom bilan atab, vizual brending bersangiz, odamlar bu yerdagi taomlar uchun 2-3 barobar koʻp toʻlashga ruhan tayyor boʻlib kelishadi.
Professional, jozibali va qimmat eshitiladigan nom mijozda "Bu yerda sifat yuqori, baribir arzon narsa boʻlmasa kerak" degan fikrni uygʻotadi. Narx baland boʻlsa ham, nom gʻayriixtiyoriy ravishda oʻsha narxni oqlab beradi.
Premium nom ostida sotilayotgan xizmatni ataylab arzonlashtirsangiz, odamlar uning sifatiga shubha qila boshlaydi.
Shuning uchun ham bunday nomlar sizga yuqori chek (high ticket) qoʻyish huquqini va imkonini beradi.
Biznes uchun mukammal nom qanday boʻladi?
Mukammal nom bu mahsulot yoki xizmatning mohiyatini soniyalar ichida xaridorga yetkazadigan, yodda qoladigan va biznesga koʻproq daromad keltiradigan strategik vositadir.
Bunday nom bir necha muhim talablarga javob berishi kerak:
1. Oson aytilishi va esda qolishi kerak
Murakkab, uzun va talaffuz qilish qiyin nomlar tez xotiradan koʻtariladi, tavsiya qilishda qiyinchilik tugʻdiradi.
Ushbu talabga javob beruvchi nomlarga namunalar: Apple, Nike, Apex, EVOS. Javob bermaydigan nom uchun misol: ToshkentAgroSanoatTransSavdo (juda uzun va eslab qolish qiyin).
2. Mazmunli boʻlishi yoki hissiyotni yetkazishi kerak
Mukammal nom brendingiz nima haqida ekanligini anglatadi yoki mijozingizga kerakli hissiyotni (ishonch, tezlik, premiumlik, qulaylik) uygʻotadi.
Masalan, FedEx (Federal Express — tezkor yetkazish), Starlight (kosmetika yoki shou-biznes uchun porlash maʼnosi).
3. Noyob boʻlib, bozorda farqlanib turadi
Biznesingiz nomi bozordagi raqobatchilardan oʻzgacha boʻlishi, ajralib turishi shart. Agar hamma doʻkoniga “Eko”, “Grand”, “Baraka” kabi soʻzlarni qoʻshayotgan boʻlsa siz bu soʻzlardan foydalanmay nom tanlashingiz kerak.
Buning uchun raqobatchilaringiz roʻyxatini tuzib ularnikiga oʻxshamagan nom tanlash tavsiya qilinadi.
4. Kelajakdagi rejalarga moslashuvchan boʻlishi kerak
Agar sizda keyinchalik biznesingizga boshqa turdagi mahsulotlar qoʻshish, xalqaro bozorga chiqish kabi rejalar boʻlsa nom tanlashda diqqatli boʻling.
Mukammal nom biznesingiz kengayganda sizni bitta mahsulot yoki birgina shahar bilan cheklab qoʻymasligi kerak.
Masalan, siz hozir poyabzal sotasiz. Doʻkoningizni “Oyoq kiyimlar dunyosi” kabi bunga ishora qiluvchi nom bilan atadingiz. Agar kelajakda biznesingizga ustki kiyimlar yoki aksessuarlar qoʻshsangiz bu nom noqulaylik tugʻdiradi.
Amazon asoschisi Jeff Bezos oʻz doʻkoniga shunchaki “BookOnline” kabi nomlar qoʻymagani bekorga emas.
U kelajakda doʻkonida hamma narsa sotishni rejalashtirgan. Shuning uchun doʻkoniga dunyodagi eng katta daryo nomini bergan.
5. Huquqiy jihatdan foydalanish mumkin boʻlsin
Nom qanchalik mukammal boʻlmasin undan foydalanish huquqi boʻlmasa barchasi bekor.
Yangi nom patentdan oʻtgan-oʻtmaganligi, .uz yoki .com domenlari boʻshligi, ijtimoiy tarmoqlarda band emasligi albatta tekshirilishi shart.
Agar avvalroq kimdir siz tanlagan nomdan foydalana boshlagan boʻlsa siz uni biznesingizda qoʻllay olmaysiz.
6. Koʻrinishi yoqimli va qulay boʻlishi kerak
Mukammal nom faqat ogʻzaki emas, yozma holda ham talablarga javob berishi kerak. Yaʼni, logotip holatiga keltirishga mos boʻlishi, reklama bannerlarida chiroyli koʻrinishi, qadoqlarga oson joylashadigan boʻlishi zarur.
Ushbu talablarga javob beradigan nom biznes uchun mukammal hisblanadi va biznesning brend sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Biznesning brend darajasiga chiqishi esa uning kengayishi, sodiq mijozlar soni oshishi va foyda ortishiga zamin yaratadi.