Mahsulotlar sotuvda tugab qolishi nimaga olib keladi?
Ushbu maqolada mahsulot zarur vaqtda sotuvda boʻlmasligining sabablari va jiddiy oqibatlarini bilib olasiz. Bu orqali zarar koʻrmasligingiz uchun nimalarga eʼtibor berishingiz kerakligini bilib toʻgʻri qarorlar qabul qilasiz.

Biznesingizni tahlil qilasiz, foydangizni hisoblaysiz. Lekn foyda siz kutgan moʻljalga yetmaydi, mijozlar soni koʻpayish oʻrniga negadir kamayadi. Qancha oʻylamang, birorta katta xato topolmagandek boʻlasiz. Lekin nega hech narsa kutganingizdek emas?
Bunga bir necha mahsulotning vaqtincha sotuvda yoʻqligi sabab boʻlgani esa doim ham xayolingizga kelavermaydi. Aslida esa mahsulotlarning sotuvda mavjudligi biznes uchun eng muhim koʻrsatkichlardan biridir. Buni siz bilan batafsil koʻrib chiqamiz.
Avvaliga mahsulotlarning sotuvda mavjudligi koʻrsatkichi nima ekanligiga toʻxtalib oʻtsak:
Mahsulot mavjudligi — bu mijoz xarid qilayotgan vaqtda unga kerakli mahsulotning haqiqatdan mavjud boʻlish darajasi. Yaʼni, mahsulot mavjudligi mahsulotning xaridorga kerakli vaqtda doʻkonda haqiqatdan bor boʻlishini bildiradi.
Bu koʻrsatkichni nazorat qilish oddiy ish emas, biznesingiz kelajagi uchun muhim amallardan biri deb bilishingiz zarur. Chunki mahsulot mavjudligiga eʼtiborli boʻlmaslik quyidagi jiddiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:
1. Xaridorlarda salbiy taassurot qoldiradi
Xaridorlarda “Bu doʻkondan oʻzimga kerakli narsalarni yetarlicha topolmas ekanman” degan salbiy taassurot qoladi. Ular keyingi safar ham “Bu doʻkonda menga kerak narsa yana tugab qolgan boʻlsa-chi?” deb ikkilanadi.
2. Mijozlaringiz sodiqligi pasayadi, raqobatchiga oʻtish koʻpayadi
Oʻz vaqtida kerakli mahsulotni topolmagan mijozlar boshqa doʻkondan xarid qilishga majbur boʻladi. Keyingi doʻkonda mahsulotni topish muammo boʻlmasa ular kelasi safar xaridni avval shu doʻkondan boshlaydi.
Natijada mijozlarning doʻkoningizga sodiqligi oshish oʻrniga pasayib boradi. Raqobatchingizda esa mijozlar koʻpayadi. Salbiy taassurot olgan mijozlar bu tajriba haqida tanishlariga aytib berish ehtimoli ham katta. Bu yangi mijozlar kelmasligiga sabab boʻladi.
3. Savdodagi tushum kamayadi
Mijozlarning raqobatchilarga oʻta boshlashi, salbiy fikrlar sababli yangi xaridorlar kelmasligi natijasida tushum ham kamaya boshlaydi.
4. Ortiqcha xarajatlar kelib chiqishi mumkin
Mahsulot sotuvda yoʻqligining moliyaviy oqibatlari ham bor. Bu mahsulot yoʻq vaqtda yoʻqotilgan summaning oʻzigina emas. Bu yoʻqotishdan tashqari sizda ortiqcha xarajatlar va boshqa muammolar kelib chiqishi mumkin:
• mijoz norozilik bildirishi savdo jarayonini murakkablashtirishi, boshqa xaridorlarda ham salbiy fikrlar paydo boʻlishi mumkin;
• yoʻq mahsulotni tezkor keltirishda shoshilinch transport uchun xarajatlar kelib chiqadi;
• sotuvda yoʻq mahsulotdan ortiqcha zaxira yigʻib keyinchalik bundan zarar koʻrishingiz mumkin;
• kutilmaganda qarorlar qabul qilish keyingi xatolarga ham yoʻl ochib beradi.
Xoʻsh, mahsulotlar xarid vaqtida sotuvda mavjud boʻlmasligining qanday sabablari bor? Ular siz oʻylaganingizdan koʻproq:
1-sabab: Notoʻgʻri prognozlash (bashorat qilish)
Biznesingizni har tomonlama chuqur tahlil qilmasdan turib mahsulot buyurtma qilmang. Chunki faqat taxminlarga asoslanib buyurtma qilsangiz ular yo kerakli vaqtida sotuvda boʻlmaydi, yoki ortiqcha mahsulot keltiriladi.
Mahsulot yetishmasligi mijoz va foydani kamaytiradi. Ortiqchasi esa uzoq vaqt turib qolishi, yaroqlilik muddati tugashi evaziga zarar keltiradi. Qaysi mahsulot xaridorgir, qaysi mahsulot kam sotilyapti, qaysi biri umuman sotilmayapti — hammasini aniq bilishingiz kerak.
Bu sizga biznesingizni toʻgʻri tahlil qilish va sizga zarar keltirmaydigan tarzda mahsulot buyurtma qilishingiz uchun muhim.
2-sabab: Bozorni yetarlicha tahlil qilmaslik
Oʻz biznesingiz doirasida mijozlarda nimaga talab yuqori ekanligini kuzatib bilib boring. Bozorga qanday mahsulotlar kirib kelyapti, qanday yangiliklar bor — bularni bilishingiz ham juda muhim.
Raqobatchilaringizda holat qanday, ularda assortiment qay holatda kabi savollarga javob topish ham siz uchun foydali. Aks holda bozorda raqobatbardosh boʻlish qiyinlashadi, mijozlarni mamnun qilishingiz qiyin boʻladi.
Bu esa borib-borib biznesingizni toʻxtatishgacha olib kelishi ham mumkin. Chunki mijoz mamnuniyati va sodiqligi biznesda juda muhim.
3.-sabab: Yomon segmentlash
Bozorda mijozlarning ehtiyojlari, daromadi va xulq-atvori bir xil boʻlmaydi. Mijozni tanimaslik esa zararga olib keladi. Shuning uchun ular segmentlanadi.
Segmentlash — mijozlarni yoshi, ehtiyojlari, oʻxshash xususiyatlari va boshqa omillar asosida guruhlarga ajratish. Doʻkonga keluvchilarning aksariyati kimlar, qaysi mahsulotlarga ehtiyoj yuqori kabi savollar javobini bilish uchun ham mijozlarni segmentlash zarur.
Agar segmentlash ishi yomon bajarilsa mahsulotlarni notoʻgʻri tanlab qoʻyish va xato narxlash mumkin. Natijada faqat javonda oʻrin egallab sotilmay yotadigan mahsulotlarga pul sarflash, aslida ehtiyoj katta mahsulotni esa keragidan kam keltirish yuz beradi.
Salbiy oqibatlardan saqlanish uchun nima qilish kerak?
Bugungi kunda biznesni toʻgʻri boshqarish va kuchli raqobatda yutqazmaslik uchun eng muhim zarurat avtomatlashtirish hisoblanadi. Yaʼni, zamonaviy tizimlar (POS) yordamida boshqarish biznesning kelajagi uchun eng muhim ehtiyojga aylandi.
POS tizimlari orqali mahsulot mavjudligi koʻrsatkichini toʻgʻri nazorat qilasiz:
— xaridor soʻragan mahsulotlar tugab qolishi kuzatilmaydi;
— omborda mahsulotlarning ortiqcha zaxirasi toʻplanmaydi;
— aylanma mablagʻlar muzlab qolishining oldi olinadi.
Tizimdagi kuchli nazorat oʻgʻirliklar, mahsulotlarning sababsiz yoʻqolishi kabi holatlarni ham kamaytiradi. Analitika va bashoratlash funksiyalari orqali qaysi tovar eng koʻp sotilayotgani (trendlar) haqida batafsil hisobotlarga ega boʻlasiz.
Eng asosiysi, zamonaviy POS tizimlar sizga kelajakdagi xaridlarni aniq va toʻgʻri rejalashtirishga yordam beradi. Toʻgʻri rejalashtirilgan xarid esa sizni moliyaviy zararga uchrashdan, qoʻshimcha xarajat va muammolardan asraydi.