Nega biznesingiz internetda ham faol boʻlishi shart?
Ushbu maqolada ijtimoiy media marketing (SMM) biznesingiz uchun qanday foyda keltirishi haqida batafsil bilib olasiz.

Bugungi kunda koʻpchilik tadbirkorlar oʻz biznesi rivoji uchun ijtimoiy media marketing (SMM) juda zarur ekanligi haqida eshitishadi. Ammo buni shunchaki bilish emas, chuqur anglab yetish va amalda qoʻllashgina biznesning foydasiga ishlaydi.
Quyida siz bilan ijtimoiy media marketing (SMM) nimaligi va biznesingizga qanday qilib foyda keltirishi haqida batafsil toʻxtalamiz. Eng avvalo, ijtimoiy tarmoqlarda marketing oʻzi nima ekanligi haqida tushunchaga ega boʻlsak.
SMM nima? Ijtimoiy media marketingi (SMM) — bu brend yaratish, savdo hajmini oshirish uchun ijtimoiy media platformalaridan foydalanish.
2025-yil oktabr holatiga koʻra, butun dunyo boʻylab 6 milliarddan ortiq inson ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Dunyo boʻylab isteʼmolchilar kuniga taxminan 6 soat-u 38 daqiqa vaqtini internetda oʻtkazadi.
Koʻpchilik katta yoshlilar uchun bu miqdor uygʻoqlik vaqtining 40% dan ortigʻini tashkil qiladi. Bu esa internetdan foydalanishning kundalik hayotda qanchalik muhim oʻrin egallaganining yaqqol isbotidir.
Oradan bir yil oʻtib ushbu koʻrsatkich yanada oshgan boʻlsa oshadiki, lekin kamaymaydi. Chunki maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻylab internetdan foydalanuvchilar soni yiliga 4-6% ga koʻpayib bormoqda.
Bu koʻrsatkichlar ijtimoiy media marketing (SMM) orqali biznesni tanitish, mijozlarni koʻpaytirish va savdoni oshirish imkoniyatlari juda keng ekanini koʻrsatadi.
Endi esa toʻgʻri yuritilgan ijtimoiy media marketing (SMM) bilan qanday natijalarga erishish mumkinligini koʻrib chiqamiz:
1. Biznesingiz koʻproq taniladi, mijozlaringiz koʻpayadi
Faqat oflayn faoliyat yuritganingizda sizni koʻcha, mahalla yoki tuman miqyosida tanishlari mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda faol sahifa yuritish bilan esa siz oʻz biznesingizni respublika, qoʻshni davlatlar va hatto jahon miqyosida tanitishingiz ham mumkin.
Biznesingiz haqida koʻp insonlar xabardor boʻlishi mijozlaringiz soni koʻpayishi ehtimolini ham oshiradi.
2. Mijozlaringiz bilan oson aloqa oʻrnatasiz
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringiz orqali mijozlar bilan oson aloqa oʻrnatishingiz mumkin. Ular ijtimoiy tarmoqlardan turib sizga fikrlarini va takliflarini bildirishadi. Ochiq muloqot orqali ularning ehtiyojlarini aniqlay olasiz.
Mijozlar fikrini oʻrganish orqali mahsulotingiz yoki xizmatingizni yanada yaxshilaysiz. Bu mijozlar mamnunligini ham oshiradi.
3. Mijozlaringizda sodiqlik oshadi
Mijozlaringiz bilan ochiq muloqotda boʻlishingiz, tinglashingiz ular tomonidan eʼtibor sifatida qabul qilinadi. Mijozlaringiz oʻzlarining siz uchun muhim ekanligini his etadi. Natijada sizga nisbatan yanada iliq taassurotlar shakllanadi.
Bunday ijobiy hissiyotlar ularda biznesingizga nisbatan sodiqlikni oshiradi.
4. Reklama imkoniyatlari kengayib, xarajatlar esa qisqarishi mumkin
Koʻcha bannerlariga uning yonidan oʻtgan har bir odam eʼtibor bermasligi mumkin. Smartfonlar sababli radio va televideniye kabilarga ham eʼtibor kamaygan. Odamlar eng koʻp vaqt sarflayotgan ijtimoiy tarmoqlarda esa atigi bir nechta kontent biznesingizni mashhur qilib yuborishi ham mumkin.
Chunki insonlar oʻzlariga yoqqan kontentlarni yaqinlari va doʻstlari bilan ham baham koʻrishga moyil boʻlishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda video yoki post joylash uchun xarajatlar odatda televideniye va koʻcha bannerlariga reklama berishdan ancha kam xarajat talab qiladi.
5. Biznesingizning raqobatga chidamliligini oshiradi
Ijtimoiy tarmoqlarda sahifalaringiz boʻlishi sizga ustunliklar ham beradi. Biznesingiz faqat oflayn faoliyat yurituvchi raqobatchilaringizga qaraganda tezroq rivojlanadi. Kuchli raqobat muhitida mijozlarga oʻz biznesingizni tez-tez eslatib turishingiz kerak. Ijtimoiy tarmoqlar bunda eng qulay vositadir.
Oʻzbekistonda ijtimoiy media marketing biznesga qanchalik foydali boʻla oladi?
Statistika agentligi tomonidan o‘tkazilgan tanlanma kuzatuv natijalariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-avgust oylarida 10 yosh va undan katta aholi o‘rtasida internetdan foydalanuvchilar ulushi 97,3 foizni tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan qariyb 27 foizga o‘sgan. Demak, yurtimizda ham biznes rivoji uchun internetdan foydalanish imkoniyatlari juda keng. Tadbirkorlardan faqat ijtimoiy media marketing zarurligini chuqur anglash va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish talab etiladi.