Doʻkoningizda savdoni oshiruvchi muhit yarating
Ushbu maqolada doʻkon ichidagi muhit va mahsulotlar joylashuvi sotuvga qanday taʼsir qilishi, savdoga ijobiy taʼsir qiluvchi muhit yaratish yoʻllari haqida bilib olasiz.

Odamlardan “Doʻkonga bitta narsa uchun kirib oʻnta narsa olib chiqibman” degan gaplarni tez-tez eshitib qolamiz.
Rostdan ham koʻpchilik doʻkonga kirganida yonida ortiqcha puli boʻlsa rejalashtirilmagan xaridlar qilib qoʻyadi. Bu impulsiv xarid deyiladi.
Impulsiv xarid — oldindan rejalashtirilmagan, xarid vaqtida lahzalik his-tuygʻular, kuchli istak yoki tashqi omillar taʼsirida toʻsatdan qabul qilingan xarid qaroridir.
Impulsiv xarid vaqtida xaridor koʻpincha mahsulotga ehtiyoji bor-yoʻqligini yoki bu xaridning moliyaviy oqibatlari haqida oʻylab oʻtirmaydi.
Bunday xaridga bir necha tashqi omillar sabab boʻlishi mumkin. Ular ichida doʻkondagi muhit va mahsulotlar joylashuvi eng asosiy sabablardan biridir.
Doʻkonda mijoz uchun qulay va yoqimli muhit yaratish, mahsulotlarni ularning psixologiyasidan kelib chiqib joylashtirish sotuvga ijobiy taʼsir qiladi.
Dunyo boʻylab yirik supermarketlar, savdo markazlari aynan shu masalaga kuchli eʼtibor berib, sotuvlarni oshirib kelmoqda.
Xoʻsh, ular buni qanday amalga oshiradi? Quyida buni batafsil koʻrib chiqamiz:
1. Kirish vaqtida ijobiy taassurot yaratishga harakat qiling
Doʻkonga qoʻyilgan ilk qadamlar butun xarid natijasini belgilab beradi. Kirish joyida xaridor doʻkondagi muhitga moslashadi.
Doʻkonning kirish qismi tartibsiz, reklamalarga toʻla boʻlsa bu xaridorning moslashishini qiyinlashtiradi.
Kirish joyida juda kuchli emas, koʻzni charchatmaydigan darajada yumshoq yoritilgan va reklamalar kamroq boʻlishi tavsiya etiladi.
2. Maxsus joylashuv bilan mijozga yoʻl koʻrsating
Yirik supermarketlar, univermaglar va kiyim-kechak doʻkonlarida xaridorlarning barcha boʻlimlardan oʻtishini taminlash uchun “Poyga yoʻli” taktikasi qoʻllaniladi.
Bu usuldan xaridorlarning barcha boʻlimlardan oʻtishini taʼminlash uchun foydalaniladi. Chunki mijoz barcha boʻlimlardan oʻtishi uning koʻproq mahsulot xarid qilish ehtimolini oshiradi.
Bunda asosiy yoʻlak doʻkonning perimetri boʻylab yoki aniq halqa shaklida yugurish yoʻlakchasini eslatuvchi tarzda quriladi.
Natijada xaridor adashib qolmasdan doʻkondagi barcha boʻlimlarni koʻrib chiqish imkoniga ega boʻladi.
Poyga yoʻli taktikasida yoʻlaklar yetarlicha keng boʻlishi lozim. Aks holda tirbandliklar yuzaga kelib, xaridorlarda noqulaylik tugʻdirishi mumkin.
Halqa yoʻlining burilish nuqtalari va markaziy qismlariga eng jozibali, yangi yoki chegirmadagi mahsulotlarni qoʻyish zarur.
Xaridor yoʻlakdan turib doʻkonning boshqa qismlarini ham koʻra olishi kerak. Bu uni keyingi boʻlimlarga oʻtishga undaydi.
Mijoz qayerda nima sotilishini tezda bilib olishi uchun doʻkon boʻylab maxsus yoʻl koʻrsatuvchi belgilar qoʻyish yordam beradi.
Ammo bunday belgilar mijozga noqulaylik tugʻdirishi, yurishni qiyinlashtirishi mumkin emas. Shu sababli qulaylikka eʼtibor berish muhim.
3. Xotirjam va yoqimli muhit shakllantiring
Doʻkonda shovqinli musiqalar yangrab turishi aksariyat mijozlarga yoqmasligi mumkin. Chunki koʻpchilik mijozlar doʻkonni xotirjam aylanib xarid qilishni istaydi.
Sokin, ilhomlantiruvchi musiqa mijozning dam olishiga yordam beradi. Bu esa uning doʻkonni koʻproq aylanishi va koʻproq xarid qilishiga sabab boʻlishi mumkin.
Ammo bu qaygʻuli, juda uzoq davom etadigan musiqalarni qoʻyish kerak degani emas. Barchasida meʼyorga eʼtibor bering.
Shuningdek, doʻkondan yoqimli hid kelib turishi zarur. Aynishi va hidlanishi mumkin boʻlgan mahsulotlar boʻlimini nazorat qilish maqsadga muvofiqdir.
Yoqimli ifor hissiy aloqalarni shakllantirishga yordam beradi, uzoqroq qolishga undaydi va baʼzan savdoni oshiradi.
Bundan tashqari, doʻkonni qanday yoritish ham muhim masalalardan biridir. Chunki u mijozlarda kayfiyatni shakllantiradi.
Dunyo tajribasiga koʻra, tez sotib olinadigan mahsulotlar savdosida doʻkonni yorqin va tekis yoritish kerak.
Nisbatan xiraroq yoritish hashamatli, qimmatbaho buyumlar doʻkoniga eksklyuziv ruh bagʻishlaydi.
4. Mahsulotlar joylashuvida mijoz psixologiyasi va ehtiyojlarga diqqat qiling
Dunyo tajribasiga koʻra, aksariyat xaridorlar oʻzlarining tabiiy koʻrish chizigʻidagi mahsulotlarni koʻproq tanlaydi.
Yaʼni, ular aynan koʻz oldida turgan mahsulotlarga koʻproq diqqat qiladilar va kerakli narsani shu yerdan qidiradilar.
Shu sababli talab yuqori boʻlgan va premium mahsulotlar peshtaxtaning yuqori tokchalariga joylanishi maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, birgalikda qoʻllaniladigan mahsulotlarni bir-biriga yaqinroq yoki yonma-yon joylashtirish sotuvga ijobiy taʼsir qilishi mumkin.
Chunki biror mahsulotni sotib olayotgan odam tabiatan u bilan birga ishlatiladigan boshqa narsaga ham ehtiyoj sezadi.
Oʻsha ikkala mahsulotni yonma-yon qoʻysangiz, xaridor ikkinchisini ham oʻylab oʻtirmasdan savatga solish ehtimoli oshadi.
Masalan, oziq-ovqat mahsulotlaridan qahva, shakar va sut kabilarni shunday joylashtirishingiz mumkin.
5. Savdo jarayonini kuzating va boʻlimlarni toʻgʻri rejalashtiring
Maxsus POS tizimlarida qaysi mahsulot qanday tezlikda sotilayotgani boʻyicha hisobot olish imkoniyati mavjud.
Kameralardan esa mijozlar xarid davomida doʻkonning qaysi qismlarini koʻproq chetlab oʻtayotganini koʻrishingiz mumkin.
Kuzatuvlaringiz natijasidan kelib chiqib sekin sotilayotgan yoki umuman sotilmayotgan mahsulotlar joylashuviga oʻzgartirish kiritishingiz mumkin.
Ushbu tavsiyalar jahon tajribasiga asoslangan. Sizga ham foydali boʻladi degan umiddamiz.