Boʻydoqlar kunidan tadbirkorlar uchun “bayram”ga aylangan sana
Ushbu maqolada 11.11 aksiyasi qachondan boshlangani, nega bu kunda insonlar koʻproq xarid qilishi haqida soʻz boradi.

Boʻydoqlar bilan bogʻliq sana vaqt oʻtib tadbirkorlarni boyitadigan kunga aylanishi kimning ham xayoliga kelibdi? Ha, shunday.
1990-yillarda Xitoyda 11-noyabr “Bo‘ydoqlar kuni” (Singles’ Day) sifatida nishonlana boshlagan. Bu bayram avval Nankin universiteti talabalari orasida, keyinchalik boshqa oliygohlar va yoshlar orasida ham ommalashgan.
Nega aynan bu sana qabul qilingan? Chunki “11.11” sanasidagi to‘rtta 1 raqami yolg‘iz insonlarni bildirgan. Ushbu bayramda yoshlar birga vaqt o‘tkazgan, uchrashuvlar tashkil qilgan yoki o‘zlariga sovg‘alar xarid qilgan.
11-noyabr yoshlar uchun boshqalarga emas, ko‘proq o‘ziga e’tibor qaratish kuni sifatida nishonlangan.
Vaqt oʻtib “Alibaba” kompaniyasi bu sanaga eʼtibor qaratdi va 2009-yilda ushbu bayram munosabati bilan ilk katta chegirmalarini eʼlon qildi.
Chegirma kompaniyaning Tmall internet-savdo platformasida oʻtkazilgan boʻlib, unda atigi 27 ta brend ishtirok etgan.
Chegirma doirasida mijozlarga arzonroq narxlardan tashqari bepul yetkazib berish ham taklif qilingan.
“Alibaba” nega aynan shu sanani tanlagan? Kompaniya mustaqil ravishda har yilgi yirik chegirmalar uchun boshqa istalgan sanani tanlashi mumkin edi.
Ammo kompaniya vakillari allaqachon insonlarga tanish boʻlgan sanadan foydalanib ularni onlayn xaridlarga jalb etishni maqsad qilgan edi.
Birinchi aksiyada natija kutilganidan ham yaxshi boʻlgan: 2009-yil 11-noyabrda 52 million yuan, oʻsha davrdagi kurs boʻyicha qariyb 7,5 million dollarlik mahsulot sotilgan.
Bu raqamlar keyingi yillarda yanada oshib bordi. Masalan, 2013-yilda ushbu aksiya orqali sotuv hajmi qariyb 6 milliard dollarga, 2014-yilda 9,3 milliard dollarga yetdi.
“Alibaba” kompaniyasi 2015-yildan boshlab ushbu sanani “Global xaridlar festivali” deb atay boshladi.
Chunki kompaniya xorijiy brendlarni ham savdoga jalb qilish, Xitoy aholisiga boshqa davlatlar ishlab chiqargan mahsulotlarni taklif qilishni koʻzlagan edi.
2015-yilning oʻzidayoq bu reja amalga oshgan va aksiyada 16 mingdan ortiq xalqaro brend mahsulotlari sotilgan.
Mijozlarning 33 foizi xorijiy mahsulotlarni xarid qilgan, savdoda 232 ta hududdan xaridor va sotuvchilar qatnashgan.
Aksiyada bir kunlik savdo hajmi 14,3 milliardga yetadi. Bu 2014-yildan 60 foiz koʻp boʻlgan. Bir sutkada logistika hamkorlari 467 millionta yetkazib berish buyurtmasini olgan.
Aksiya muvaffaqiyat qozonganidan keyin Xitoydagi boshqa savdo platformalari ham 11-noyabrda chegirmalar oʻtkaza boshlaydi.
Nega bu kunda xaridorlar koʻproq pul sarflashadi?
Aksiya davomida mijozlarni jalb qiluvchi usullar qoʻllaniladi. Ulardan biri taqqoslash imkoniyatini berish hisoblanadi.
Yaʼni, mahsulotning avvalgi narxi ustiga chiziq tortiladi va unga 50, hatto 70 foizgacha chegirma beriladi. Mijozlar hozir olmasa bu imkoniyatdan foydalana olmaymiz deb oʻylaydi.
Bundan tashqari, bu sanada onlayn doʻkonlarda “Aksiya tugashiga 30 daqiqa qoldi”, “Atigi 5 ta qoldi”, “Bu mahsulotni 30 kishi koʻrmoqda” kabi yozuvlar aks etadi.
Bu yozuvlarni koʻrgan xaridorlar mahsulot tugab, chegirmaga ulgurmay qolishdan qoʻrqadi. Natijada narxlarni taqqoslash yoki mahsulot rostdan kerakligini oʻylash oʻrniga xarid qilishga shoshiladi.
Ammo ushbu aksiyani oʻtkazishda halollikka rioya qilish muhim hisoblanadi. Chunki narxlar bilan avvaldan tanish boʻlgan xaridorlar chegirma kuni sinchkovlik bilan harakat qilishadi.
Agar kimdir mahsulotlar narxini chegirmadan avval sunʼiy ravishda koʻtarib, chegirma kuni eski narxni chegirma narx sifatida yozib qoʻysa bu uning zarariga ishlaydi.
Yevropa Ittifoqi davlatlarida sotuvchidan mahsulotning chegirma sanasidan 30 kun avvalgi eng past narxi koʻrsatib qoʻyishi talab qilinadi.
Bu orqali xaridorlarning aldanib qolishi, mahsulotning oʻz narxini chegirma narx deb bilib nohaqlikka uchrashining oldi olinadi.
Bugungi kunda 11.11 aksiyasi dunyo boʻylab oʻtkaziladi. Bu sanadan nafaqat onlayn doʻkonlar, balki anʼanaviy doʻkonlar ham unumli foydalanadi.
Zamonaviy POS tizimlari, xususan ARYFMA POS tizimida ham aksiyalar oʻtkazish boʻyicha maxsus imkoniyatlar mavjud.