Mijoz koʻpaytiruvchi sinalgan usullar
Ushbu maqoladan mijoz koʻpaytirish va savdoni oshirish boʻyicha dunyo boʻylab sinalgan va natija bergan usullarni bilib olasiz.

Agar doʻkoningiz yaqinda ochilgan yoki mijozlaringiz kam boʻlsa dunyo tajribasida sinalgan quyidagi tavsiyalar sizga yordam berishi mumkin:
1. Mijozlar doʻkonga kelganida mahsulot tanlovi katta boʻlishining oʻzi yetarli emas.
Ularda doʻkoningiz haqida ijobiy taassurot qoldirish uchun qulay va shinam muhit yarating.
Masalan, mahsulotlar kundalik ehtiyojlarga mos tartibda terilgan boʻlsa bu mijozlarga qulaylik yaratadi.
Doʻkon ozodaligiga qattiq eʼtibor bering. Iloji boʻlsa yoqimli ifor va sokin musiqa ham boʻlsin.
Mijozlar aynan shunday muhit uchun ham sizning doʻkoningizga qayta-qayta keladi.
2. Imkon doirasida doʻkonda maxsus burchaklar tashkil eting. Masalan, kichik bolalar maydonchasi, fotozona va boshqa foydali burchaklar.
Oziq-ovqat doʻkonida esa maxsus burchaklarda baʼzi mahsulotlarni tatib koʻrish imkonini berishingiz ham mumkin.
Mijozlar bu yerda oʻz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari uchun videotasvir va fotosuratlar olib sizni oʻzlari reklama qiladi.
Mashhur Rituals Cosmetics brendi oʻzining har bir doʻkonida maxsus “Tester area” (sinov zonasi) tashkil etadi.
Bunday zonalarda mijozlarga bepul qoʻl massaji xizmati koʻrsatiladi. Shuningdek, brend mahsulotlarini bemalol qoʻlida sinab koʻrishadi.
Natijada ushbu brend mijozlar mamnunligi boʻyicha jahon reytingida TOP oʻrinlarga chiqqan.
Mijozlar doʻkonda uzoqroq vaqt qolgani va bepul xizmatlardan foydalangani uchun ularning xarid qilish ehtimoli bir necha barobar ortgan.
3. Koʻp kanalli savdoni yoʻlga qoʻying. Bu faqat oflayn doʻkon bilan cheklanmay ijtimoiy tarmoqlarda onlayn faoliyatni birgalikda olib borishni anglatadi.
Mijozlar mahsulotlaringiz haqida bilishi, maʼlumot olishi uchun faqat doʻkonga borishi kerak boʻlmasin.
Mijoz oʻz uyida oʻtirib doʻkoningizdagi mahsulotlar bilan tanisha olsin, sizga savol bera olsin.
Buning uchun ijtimoiy tarmoqlarga javobgar maxsus xodim boʻlsa yanada yaxshi.
Dunyo boʻylab real bizneslar tajribasi namunalari
Buyuk Britaniyadagi chakana doʻkonlarning birida esa 3 ta chorani koʻrish bilan mijozlar mamnunligi 7 foizga, umumiy sotuvlar esa 15 foizga oshgan. Bu 3 ta yoʻl quyidagicha:
1. Doʻkondagi mahsulotlar toʻgʻri tartibda qayta joylashtirib chiqilgan;
2. Kassa oldida navbat koʻpayib ketmasligi uchun xodimlarning ish vaqti toʻgʻri rejalashtirilgan;
3. Doʻkondagi mahsulotlar doim sotuvda mavjud boʻlishi taʼminlangan.
Kanadaning Sequoia Soaps brendi yangi savdo nuqtalariga mijoz jalb qilish uchun maxsus usulni qoʻllashgan.
Ular mahsulotlarni sotish bilan cheklanmay ularni mijozning xohishiga koʻra sovgʻa sifatida oʻrab berishni yoʻlga qoʻyishgan.
Mijozlar endi faqat sotib olish uchun emas, yaqin insonlariga maxsus sovgʻa tayyorlatish uchun ham kela boshlashgan.
Natijada yangi doʻkonlarga koʻproq xaridorlar kela boshlagan va mijozlar sadoqati shakllangan.
Dunyo boʻylab oziq-ovqat mahsulotlari doʻkonlarida esa zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash ham samarali natija bermoqda.
Chunki McKinsey global tadqiqotlariga koʻra, bugungi kunda zamonaviy iste'molchilar, ayniqsa yoshlar doʻkonlarning elektron katalogi boʻlishini istashadi.
Ular istalgan yerda internetdan katalogni koʻrib keyin doʻkonga borishni maʼqul deb biladi.
Redpepper Digital kompaniyasi oʻtkazgan tadqiqotlarda buning foydasi yirik oziq-ovqat riteylerida oʻrganilgan.
Ular haftalik chegirmalar va yangi mahsulotlar kiritilgan PDF shakldagi flayerni elektron katalog bilan almashtirgan.
Bu katalog mobil qurilmalarga moslangan va internet boʻlsa istalgan joyda koʻrish imkonini bergan.
Natijada riteylerning internet sahifasini koʻrishlar soni 84% ga oshgan. Bu yangi ochilgan filiallarda mijozlar oqimi koʻpayishiga yordam bergan.
Brick marketing agentligi elektronika doʻkonida savdoni oshirish uchun mijozlarga qoʻshimcha foyda berishga qaror qilgan.
Ular TOP gadjetlarni taqqoslaydigan tahliliy sahifalar va texnik xususiyatlarni oddiy tilda tushuntiruvchi qoʻllanmalar ishlab chiqqan.
Natijada esa doʻkonda mijozlar qamrovi 210 foizga, sotuvlar koʻrsatkichi esa 35 foizga oshgan.
Siz ham ushbu natija beruvchi, sinalgan usullarni oʻz biznesingizdan kelib chiqib qoʻllashingiz mumkin. Mijozlaringiz yanada koʻpayib, navbatlar uzaya boshlaganida esa ARYFMA POS tizimi orqali tezkor sotuvlar qila olasiz.