Barcha maqolalar
Qoʻllanma

Biznesingizni mustaqil nomlash qadamlari

Ushbu maqolada biznes uchun mustaqil nom yaratish va bunda sunʼiy intellektdan foydalanish, patent tekshiruvi haqida bilib olasiz.

ARYFMA4 daqiqa oʻqish
Biznesingizni mustaqil nomlash qadamlari

Biznesingizga nom yaratishni oʻz ishining ustalariga ishonish maqsadga muvofiq. Lekin mustaqil nomlashni istasangiz buning ham iloji bor.

Bunda siz sunʼiy intellektdan ham foydalanishingiz mumkin. Unga toʻgʻri tushuncha bersangiz inson kabi gʻoyalar qilolmasa ham sizga yordam bera oladi.

Endi esa nom yaratish jarayonini ketma-ketlikda koʻrib chiqamiz. Namuna uchun un va non mahsulotlari biznesini olamiz.

Eng avvalo, nom oʻylashdan avval ushbu savollar javobini aniq bilishingiz kerak:

— Biznesingiz insonlarga nima beradi?
— Biznesingizni hozirgidan koʻra kengaytirish niyatingiz bormi?
— Mahsulotlaringiz raqobatchilardan nimasi bilan ajralib turadi? Qanday afzalliklari bor?
— Biznesda qanday qadriyatlarga egasiz?
— Mijozingiz kimlar?

Nom ushbu savollarga berilgan javoblardan kelib chiqib yaratiladi. Shunchaki oʻzingizga yoqqan nomni qoʻyib olsangiz bu siz kutgan natijani bermasligi mumkin.

Bundan tashqari, qonunchilikda brend nomi sifatida roʻyxatdan oʻtkaziladigan va oʻtkazilmaydigan nomlar bor.

Siz yaratgan nom esa roʻyxatdan oʻtkazib boʻlmaydigan nomlar toifasidan boʻlishi mumkin. Shu sababli nom yaratishda bu jihatlarni ham eʼtiborga olish zarur.

Endi esa savollar javobidan nom uchun qanday foydalanishni un va non mahsulotlari biznesi misolida koʻrib chiqamiz:

1. Biznesingiz insonlarga beradigan foyda nom uchun asos boʻlishi mumkin

Siz insonlarga kundalik hayotda eng zarur oziq-ovqat mahsuloti — non yetkazib berasiz.

Shuningdek, xamir taomlar va koʻplab shirinliklar uchun oliy navli undan foydalaniladi. Siz insonlarning ushbu ehtiyojini ham qoplaysiz.

Mahsulotlaringizning foydalari — ular ishonchli, sifatli, mazali, toʻyimli va hokazo. Ana shu foydali jihatlarni nom uchun ishlatishingiz ham mumkin.

Masalan, bozorda “Mazaly”, “Tatli” (Totli) kabi asosi mahsulotning xususiyati va foydasiga borib taqaladigan nomlar mavjud.

2. Biznesingizni kengaytirish niyatingiz boʻlsa bunga eʼtibor bering

Agar kelajakda biznesingizni kengaytirish niyatingiz boʻlsa nom ham shunga yarasha barcha sohaga mos boʻlishi kerak.

Masalan, biznesingizni barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari doʻkoniga aylantirishni istasangiz shunga mos universal nom topishingiz zarur.

Chunki hozir faqat un va non mahsulotlari biznesiga mos nom qoʻysangiz kelajakda boshqa sohada ham biznes qilganingizda toʻgʻri kelmay qolishi mumkin.

Shuningdek, mahalliy aholiga mos nom yaratgan boʻlsangiz u keyinchalik davlat yoki dunyo miqyosidagi brendga aylanishga toʻsqinlik qilishi mumkin.

3. Raqobatchilardan ajralib turadigan jihatingiz nomga aylanishi mumkin

Raqobatchilaringizda yoʻq afzalliklarni ham nom uchun asos qilib olishingiz mumkin.

Masalan, raqobatchilaringiz oʻz mahsulotlarini tabiiy gaz bilan qizdirilgan tandirda yopadi yoki korxonada ishlab chiqaradi.

Siz esa oʻtin bilan qizdirilgan tandirda tabiiy usullar bilan tayyorlaysiz yoki glutensiz nonlar ham sotasiz. Bu sizning ajralib turadigan jihatlaringizdir.

Bunday holatda, misol uchun, maʼnosi “eko”, “tabiiy” kabi soʻzlar bilan bogʻlangan nomlar yaratishingiz mumkin.

4. Nega qadriyatlar muhim?

Insonlarning mahsulotlaringiz bilan bogʻliq qadriyatlarini biznesingiz nomiga asos qilib olishingiz mumkin.

Masalan, bozordagi non mahsulotlari sotuvchi brendlardan biri “Tabarruk” nomi ostida faoliyat yuritadi. Bu nom nonning xalqimiz uchun tabarruk neʼmat ekanligidan kelib chiqqan.

Oʻz qadriyatlaringiz esa halollik, sifat, doim yangi yopilgan non mahsulotlari sotishingiz kabilar boʻlishi mumkin.

5. Nega mijozingizni bilishingiz kerak?

Bolalar uchun ishlab chiqariladigan mahsulotlarga kattalarga yoqadigan nom qoʻyib boʻlmaydi.

Shu kabi kattalar xarid qiladigan mahsulotlarga ham bolalarga xos nomlar qoʻyilmaydi.

Ayollarga moʻljallangan mahsulotlarga esa erkaklarga xos tushuncha beruvchi nomlar qoʻyilmaydi. Shuning uchun biznes egasi oʻz mijozi kimligiga eʼtibor berishi shart.

Un va non mahsulotlarini asosan kattalar xarid qiladi. Hisob-kitobni biladigan yoshdagi bolalar, oʻsmirlar koʻpincha ota-onasining topshirigʻi bilan sotib oladi.

Demak, bu biznesning mijozlari katta yoshdagi insonlar: roʻzgʻor uchun xarid qiluvchi erkak va ayollar, konditerlar, ovqatlanish joylarining egalari va hokazo.

Nom ham ana shu mijozlar tushunadigan, toʻgʻri qabul qiladigan, ularning qadriyatlariga mos boʻlishi zarur. Misol qilib keltirilgan “Tabarruk” nomi bunga toʻliq javob beradi.

Endi esa nom yaratishda sunʼiy intellektdan foydalanish haqida toʻxtalamiz. Sunʼiy intellektdan foyda koʻrish uchun unga toʻgʻri topshiriq (prompt) berishingiz kerak.

Bitta prompt (vazifa)da quyidagilarni toʻliq yozing:

1. U bilan biznesingizga mos nom yaratmoqchi ekaningizni bildiring;
2. Biznesingiz va mijozlaringizni unga toʻliq tanishtiring;
3. Oʻzingizga yoqadigan nomlarga namuna bering;
4. Qanday nom xohlashingizni batafsil tushuntiring.

Sunʼiy intellektga qanchalik toʻliq vazifa bera olsangiz u sizga shunchalik yaxshi gʻoyalar va nomlar berishi mumkin.

U sizga oʻzi yasagan nomlarni taqdim etganida qaysisi yoqmagani, qaysisi yoqqanini bildiring. Eng asosiysi sizga yoqqan nomlarning band yoki band emasligini tekshiring.

Chunki siz tanlagan nom xalqaro yoki hududiy miqyosda brendga aylangan yoki ijtimoiy tarmoqlarda band boʻlishi ehtimoli katta boʻladi.

Sunʼiy intellekt tekshiruv oʻtkazib siz tanlagan nomlarni qoʻyishda xavf mavjud boʻlsa ogohlantiradi. Shuningdek, undan nomning biznes uchun mosligi, ijobiy va salbiy jihatlarini soʻrashingiz ham mumkin.

Patent tekshiruvi keyinchalik nomdan foydalanishda muammolar yuzaga kelmasligi uchun juda muhimdir.

Bunda faqat sunʼiy intellektga tayanib qolmang. Google Patents, PATENTSCOPE, Onlinepatent kabi platformalar orqali oʻzingiz ham tekshiruv oʻtkazing.

Oʻzbekiston bozori miqyosida tekshiruv oʻtkazish uchun esa Intellektual mulk agentligi bazasida tekshirishingiz kerak.

Intellektual mulk agentligi ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar kabi intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish, patentlar berish bilan shugʻullanuvchi davlat tashkilotidir.

Yangi nomni yaratish, patent tekshiruvi oʻtkazib oʻzingizniki qilish sizdan ancha vaqt va mehnat talab qilishi mumkin.

Ammo natijada yaratilgan yaxshi nom biznesingiz brendga aylanishi, mijozlar sodiqligi va foydangiz oshishiga xizmat qiladi.

Yana oʻqing

Biznesingizni boshqarishga tayyormisiz?

100+ biznes allaqachon ARYFMA POS bilan oʻz savdo jarayonlarini soddalashtirmoqda.

Biznesingizni mustaqil nomlash qadamlari | ARYFMA POS