Barcha maqolalar
Qoʻllanma

Doimiy mijozlarni koʻpaytiramiz

Ushbu maqolada xaridorlarda do'koningizga sodiqlikni shakllantirib, raqobatchilarga ketmaydigan doimiy mijozga aylantirish yo'llari haqida bilib olasiz.

ARYFMA4 daqiqa oʻqish
Doimiy mijozlarni koʻpaytiramiz

Mijoz sadoqati biznesingiz uchun eng muhim koʻrsatkichlardan biri. U haqida bilish va uni oshirish foydangizni ham koʻpaytirishi mumkin.

Mijozlar sadoqati — bu xaridorlarning uzoq vaqt davomida doʻkoningizdan doimiy xarid qilishi va raqobatchilarga oʻtib ketmasligi. Yaʼni, mijozlar doʻkoningizga faqat bir marta kirish bilan cheklanmaydi. Ular takroriy va doimiy ravishda doʻkoningizga kelib xaridlarni amalga oshirishadi.

Agar siz mijozlarda kuchli sodiqlikni shakllantira olsangiz, ular siz taklif qilgan har qanday narsani sotib olishga tayyor boʻladi. Siz taklif qilayotgan mahsulotning narxi qancha boʻlishidan qatʼiy nazar, hatto boshqa yerda arzonroq boʻlsa ham sizdan xarid qilishadi. Ular bu bilan cheklanmay mahsulot yoki xizmatingizni doʻstlari va oila aʼzolariga targʻib qiluvchiga aylanishi mumkin.

Shu sababli reklama orqali yangi mijoz jalb qilishdan tashqari, bor mijozlarda sadoqatni shakllantirishingiz kerak. Eng avvalo, sadoqatli mijozlar nega sodiq boʻlishi va ularning sadoqati nimalarda koʻrinishini bilib oling. Bu orqali siz ularni farqlay olasiz va qanday ushlab qolish mumkinligini ham bilasiz. Sadoqatli mijozlarning quyidagi 5 turi mavjud:

Sadoqatli mijozlarning 5 turi

Xaridorlar faqat bitta emas, bir nechta sabablarga koʻra biznesingizga sodiq boʻlishlari mumkin. Qanday sababga koʻra sodiq boʻlganiga qarab sadoqatli mijozlar quyidagi 5 turga ajratiladi:

1. Mamnun mijozlar:

Bu xaridorlar mahsulot yoki xizmatlaringizni chin dildan yoqtiradilar va muntazam ravishda xarid qiladilar. Ammo ular mamnun boʻlsa ham yaxshiroq taklif, chegirma yoki tajriba evaziga raqobatchiga oʻtishga moyil boʻlishlari mumkin.

2. Qulaylik uchun sodiq mijozlar:

Bu mijozlar xarid qilish qulayliklarini, joylashuvni yoki yetkazib berish tezligi kabilarni qadrlashlari mumkin. Qulaylik sababli ular siz bilan uzoq muddat qoladi va buning uchun koʻproq pul toʻlashga ham tayyor boʻladi.

3. Sodiqlik dasturingizga sodiq mijozlar:

Bu xaridorlar faqat chegirmalar yoki bepul sovgʻalar olish uchungina sizdan xarid qilishda davom etadi. Sodiqlik dasturi xaridorlarni mijozingizga aylantirish, ularni ragʻbatlantirish va doim sizdan xarid qilishiga undash uchun tuzilgan rejadir.

Masalan, bu rejada siz haftaning har juma kunida maxsus chegirmalar qilishni belgilagan boʻlishingiz mumkin. Keyinchalik aynan dasturingizdagi shu chegirma sababli sizga sadoqatli mijozlar guruhi shakllanadi.

4. Arzon narxga sodiq mijozlar:

Bunday mijozlar boshqalar bilan solishtirganda eng past narxni yoki eng yaxshi taklifni taklif qilganingiz uchun sizdan xarid qiladi. Ular boshqa joyda siznikidan yaxshiroq narx taklif qilinsa sizdan darhol ketishga ham tayyor turishadi.

5. Haqiqiy sadoqatli mijozlar:

Ular sizning eng katta boyligingizdir. Ularning raqobatchi uchun sizdan ketishi deyarli mumkin emas. Ular tez-tez xarid qiladi, fikr-mulohaza bildiradi, sodiqlik dasturingizda qatnashadi va eng muhimi — doʻstlari va oila aʼzolarini sizdan xarid qilishga undaydi. Buning uchun esa mijozlaringizda doʻkoningizga nisbatan sadoqatni shakllantirishingiz kerak.

Bu borada sizga quyidagi 7 ta usul qoʻl keladi:

1. Mijozlar uchun ishlarni osonlashtiring

Yaʼni, sizning doʻkoningizda xarid qilish oson amalga oshsin. Imkoningiz yetgancha qulayliklar yarating. Masalan, toʻlov usullarining barchasi mavjud boʻlishi ham xaridni osonlashtiradi.

Yirik supermarketlarda yosh bolalarni mindirish mumkin boʻlgan xarid aravachalari qoʻyilishi ham bunga yorqin misoldir. Zamonaviy dasturlar asosida mijozlar xaridini tezroq va osonroq qilishiga erishish ham mijoz uchun katta yengillikdir.

Hatto boshqalarda arzimas pul toʻlanadigan polietilen paketlarni bepul qilib qoʻyish ham mijozlar qayta kelishiga sabab boʻladi.

2. Unutilmas (ajoyib) xizmat koʻrsating

Mijozlaringiz xarid davomida duch kelishi mumkin boʻlgan katta-kichik muammolar uchun oldindan yechim topib qoʻyishga harakat qiling. Mijozlar uchun xushmuomala, sabr-toqatli va ularni eshita oladigan, gʻamxoʻr jamoa shakllantiring.

Bunday jamoa mijozlarning muammo va ehtiyojlarini aniqlay oladi, yechim berishga harakat qiladi. Mijozlar uchun unga yordam berishga tayyor jamoaning bor ekanligi ham ularda ijobiy taassurot qoldiruvchi omildir.

3. Mijozlar qayerda boʻlsa, oʻsha yerda siz ham boʻling

Biznesda aloqa kanallari boʻlib, bu mijoz bilan muloqot olib borish oʻrni yoki usulini bildiradi. Bular ovozli xabar, SMS, elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar yoki chat-botlar boʻlishi mumkin.

Mijozlar oilasi, yaqinlari bilan muloqot qilayotgan bu usullar orqali biznes bilan ham aloqada boʻlishni xohlaydi. Siz ham ushbu muloqot kanallar orqali mijozlarni qoʻllab-quvvatlay olsangiz bu ularda ijobiy taassurot qoldiradi.

4. Biznesingizni rivojlantirib boring

Mijozlar sadoqati mijoz va biznes oʻrtasidagi ikki tomonlama harakatdir. Ularda sadoqatni shakllantirgach buni saqlab qolish uchun biznesingizni rivojlantiring.
Bu biznesingizda boshqalarda yoʻq yangi xizmat yoki mahsulot kabilar boʻlishi mumkin.

5. Mijozlar tajribasini shaxsiylashtiring

Har bir mijoz oʻzi uchun koʻrsatilgan maxsus xizmatni yaxshi koʻradi, qadrlaydi. Shaxsiylashtirilgan xizmat mijoz ehtiyojlarini tinglab xarid uchun tavsiyalar berish, ular yoqtirgan muloqat kanallari orqali aloqada boʻlish kabilardir.

6. Hissiy aloqa oʻrnating

Mijozlaringizning his-tuygʻulariga eʼtiborli boʻling, hissiy ehtiyojlarini oʻrganing. Ularning ishonchini yoʻqotmang, vaʼda bersangiz doim bajaring. Mahsulotlaringizning yaroqlilik muddati va boshqalarga eʼtiborli boʻling. Mijozlar kayfiyatiga ham eʼtibor qarating. Mijozlar sizning doʻkoningizda xotirjam xarid qilsin.

7. Sodiqlik dasturini boshlang

Sodiqlik dasturi bu mijozlarni raqobatchilar emas, sizdan xarid qilishda davom etishga undaydigan choralar toʻplamidir. Siz ham biznesingiz uchun shunday dastur yarating. Masalan, bir necha oy yoki yil davomida faol xarid qilgan mijozlar uchun maxsus sovgʻalar tashkil etishingiz mumkin.

Ushbu usullar dunyo boʻylab real bizneslarga mijoz va sotuvlarni oshirishda katta yordam bergan. Siz ham ularni albatta qoʻllang.

Sodiq mijozlarga ega boʻlish uchun sodiqlik dasturi bilan jiddiy ishlashni istasangiz ARYFMA POS tizimidan foydalaning.

Yana oʻqing

Biznesingizni boshqarishga tayyormisiz?

100+ biznes allaqachon ARYFMA POS bilan oʻz savdo jarayonlarini soddalashtirmoqda.